Respublikamizda aholimi ro`yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi - tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro`yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo`yicha aholi o`rtasida targ`ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro`yxatga olish bilan bog`liq hujjatlar, jumladan, ro`yxatga olish varaqalari, ro`yxatga olishni tashkil etish va o`tkazish, uning natijalarini olish va e`lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchisi - asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro`yxatga olish amalga oshiriladi, ya`ni aholi to`g`risidagi ma`lumotlar yig`iladi, nazorat tekshiruvi o`tkaziladi va ro`yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.
Mamlakatimizda 2023- yilda o`tkaziladigan aholini ro`yxatga olish tadbiri an`anaviy usulda, ya`ni ro`yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog`oz shaklidagi ro`yxatga olish varaqalarini to`ldirish orqali amalga oshiriladi.
Qariyb uch yil cho`ziladigan so`nggi bosqichda esa olingan ma`lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e`lon qilinadi. Ro`yxatga olish jarayonida to`planadigan statistik ma`lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.
Ro`yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki ma`lumotlarning to`g`riligiga ular bevosita mas`ul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo`lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo`mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo`limlari xodimlari, statistika yo`nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.
Aholini ro`yxatga oluvchilar uchun uslubiy qo`llanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli o`quv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qo`shimcha maslahatlar beriladi.
Aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga hamda ma`lumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to`lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat byudjeti mablag`lari va qonun bilan ta`qiqlanmagan boshqa mablag`lar hisobidan moliyalashtirish ko`zda tutilgan.
Amaldagi me`yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma`lumotlar uch tilda (o`zbek, rus va ingliz tillarida) e`lon qilinishi belgilangan.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025- yil 1- dekabriga qadar aholini ro`yxatga olish natijalari rasman chop etiladi va e`lon qilinadi hamda aholini ro`yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma`lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.
Buxoro viloyat statistika boshqarmasi