Aholini ro`yxatga olishni o`tkazish natijalari nima beradi?
Aholini ro`yxatga olish - O`zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o`tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi, shaxsga doir ma`lumotlarni yig`ish va ularga ishlov berish hamda yakuniy ma`lumotlarni tarqatish va foydalanishning davriy jarayoni hisoblanadi.
Aholini ro`yxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, demografik ko`rsatkichlarni hisoblash va prognozlash, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanishni o`rganish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun aholi to`g`risida ishonchli
va xolis axborotlarni olish hisoblanadi.
Aholini ro`yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- aholining sog`lig`ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilalarga yordam ko`rsatish bo`yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida, aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o`zgarishlarni baholashga doir ma`lumotlar bazasini kengaytirish;
- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o`rta va qisqa muddatli prognozlari va dasturlarini tayyorlash;
- aholini ro`yxatga olish davri oralig`idagi aholi soni
va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.
Aholini ro`yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi bo`lib, 2-3 yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro`yxatga olishda faol ishtirok etish bo`yicha aholi o`rtasida targ`ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Yana bir muhim vazifalardan biri bu - shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini va ma`muriy tumanlar xaritalarini tayyorlash hamda aholi punktlaridagi uylarning ro`yxatini tuzish hisoblanadi. Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, ko`chalarda nom belgilarining o`rnatilganligi, turar
va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.
Tayyorgarlik bosqichida aholini ro`yxatga olish bilan bog`liq hujjatlar, jumladan, ro`yxatga olish varaqalari, ro`yxatga olishni tashkil etish va o`tkazish, uning natijalarini olish va e`lon qilish metodologiyasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, ro`yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma`lumotlarning to`g`riligiga bevosita ayni ular mas`ul bo`ladi va shakllantirilgan ma`lumotlar real bo`lishi shart. Bu jarayonga har xil yoshda va kasbda bo`lgan shaxslar jalb etilishi mumkin. Birinchi navbatda, Davlat statistika qo`mitasi va uning hududiy organlari xodimlari, oliy ta`lim muassasalari o`qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta`lim maktablari o`qituvchilari, shuningdek, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular mazkur jarayonda ishtirok etishga rozi bo`lgan taqdirda, jalb qilinishi mumkin.
Davlat statistika qo`mitasi tomonidan tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda ro`yxatga oluvchi xodimlarni o`qitish bo`yicha qisqa muddatli o`quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug`ilsa, ularga qo`shimcha maslahatlar beriladi.
Ikkinchi bosqich, asosiy bosqich bo`lib, bu taxminan 10-60 kungacha davom etadi. Bunda bevosita aholini ro`yxatga olish amalga oshiriladi, ya`ni aholi to`g`risidagi ma`lumotlar yig`iladi, nazorat tekshiruvi o`tkaziladi va aholini ro`yxatga olish materiallari topshiriladi.
Mamlakatimizda 2023 yilda o`tkaziladigan aholini ro`yxatga olish tadbiri an`anaviy usulda, ya`ni ro`yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy kirgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog`oz shaklidagi ro`yxatga olish varaqalarini to`ldirish orqali amalga oshiriladi.
Uchinchi bosqich muddati qariyb ikki yilgacha bo`lib, ro`yxatga olish jarayonida to`planadigan statistik ma`lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritilib, ma`lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinadi va natijalar e`lon qilinadi.
Amaldagi me`yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma`lumotlarni uch tilda e`lon qilinishi ko`zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025 yil 1 dekabriga qadar aholini ro`yxatga olish natijalari rasman chop etiladi va e`lon qilinadi hamda aholini ro`yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma`lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.
Aholini ro`yxatga olish qaysi manbalar
hisobidan moliyalashtiriladi?
Chet el davlatlari tajribasidan ma`lumki, aholini ro`yxatga olishni o`tkazish ko`p mehnat va mablag` talab etadi. Buning uchun tadbirni moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirib olish ham muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Yurtimizda 2023 yilda o`tkaziladigan aholini ro`yxatga olish tadbirlarini moliyalashtirish, O`zbekiston Respublikasida
aholini ro`yxatga olishni o`tkazish konsepsiyasiga muvofiq, Davlat byudjeti mablag`lari va qonun bilan ta`qiqlanmagan boshqa mablag`lar hisobiga amalga oshiriladi.
Moliyalashtirish uchun zarur mablag`lar hajmi O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va boshqa mas`ul idoralar
hisob-kitoblari asosida, shuningdek, tender savdolari va tender hujjatlarini rasmiylashtirish natijalari bo`yicha aniqlanadi.
Aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga, uning materiallarini qayta ishlashga, natijalarini olish va e`lon qilishga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to`lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi.
Ma`lumot tariqasida, 2010 yilda o`tkazilgan aholini ro`yxatga olish tadbirlariga sarflangan xarajatlar qiymati o`rtacha aholi jon boshiga Tojikistonda 1,31 AQSH dollarini, Qirg`izistonda
1,12 AQSH dollarini, Ozarbayjonda 1,03 AQSH dollarini, Moldovada
2,15 AQSH dollarini, Rossiya Federatsiyasida 3,81 AQSH dollarini tashkil etgan.
Buxoro viloyati
Romitan tuman statistika bo‘limi