Aholini ro‘yxatga olish Ma’lumotlar farovonlikni oshirishga yo‘naltiriladi
2023 yilning oktyabr-noyabr oylarida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari savollarga respondentlardan javob olish tarzida planshet orqali o‘tkaziladi. Savollarning asosiy mazmun-mohiyati doimiy aholi soni, ijtimoiy-demografik xususiyatlari (yoshi, jinsi), aholining yashash sharoitlari, migratsiya, aholining nikoh holati, fuqaroligi, ta’lim darajasi, tillarni bilishi, daromad manbalari, bandlik va shunga o‘xshash ma’lumotlardan iborat.
Aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi. Respondentlardan yig‘ilgan ma’lumotlar faqat yakuniy ma’lumotlarni shakllantirish uchun ishlatiladi.
Jumladan, aholini ro‘yxatga olish natijalari demografik prognozlarni shakllantirish, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalarga yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash kabi davlat dasturlarini manzilli ishlab chiqishda muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.